Marosimda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
«Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir. Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin», — dedi prezident.
Prezident o‘zbek tilining davlat va jamiyat hayotidagi ta’siri va mavqeini yanada oshirish, «Davlat tili haqida"gi qonunni bugungi kun talablaridan kelib chiqib takomillashtirish zarurligini ta’kidladi. Bu boradagi dolzarb vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.
Davlat rahbari 21 oktyabr kuni «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» farmon qabul qildi. Unga binoan 21 oktyabr sanasi O‘zbekistonda «O‘zbek tili bayrami kuni» deb belgilandi.
«Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni, ona vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Bu olijanob harakatni barchamiz o‘zimizdan, o‘z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak».
Tantanali tadbirda deputat va senatorlar, hukumat a’zolari, davlat va jamoat arboblari, diplomatik korpus vakillari, tilshunos olimlar va pedagoglar, yoshlar ishtirok etdi.